Ko'rgazma yangiliklari

5 000 dan ortiq xalqaro xaridor va 200 ta kompaniya: Toshkentda Messe Frankfurt’ning uchta xalqaro to‘qimachilik ko‘rgazmasi ochildi

2026-yil 12-oktabr kuni «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasida Heimtextil Uzbekistan, Texworld Tashkent va Apparel Sourcing Tashkent xalqaro sohaviy ko‘rgazmalari o‘z ishini boshladi. Ular turli mamlakatlardan to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari, uskuna yetkazib beruvchilar va professional xaridorlarni bir joyga jamladi.

Tadbirlar Messe Frankfurt brendlari ostida o‘tkazilmoqda va 14-oktabrgacha davom etadi. Tashkilotchi — Messe Frankfurt Exhibition GmbH kompaniyasining Markaziy Osiyodagi rasmiy vakili Business Media Central Asia (BMCA). Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ko‘magida o‘tkazilmoqda.

Bu yil ekspozitsiyada O‘zbekiston, Hindiston, Armaniston, Gruziya, Gonkong va Xitoydan 200 ta kompaniya ishtirok etmoqda. Uch kun davomida 8 000 dan ortiq professional tashrif buyuruvchi kutilmoqda.

O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun bu ko‘rgazmalar eksport aloqalarini kengaytirish, xorijiy buyurtmachilarni jalb qilish va ishlab chiqarish hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro maydonga aylanmoqda.

Xalqaro xaridorlar dasturi: xorijiy buyurtmachilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa

Ko‘rgazmalarning asosiy afzalliklaridan biri — ishlab chiqaruvchilar va potensial xaridorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga qaratilgan Xalqaro xaridorlar dasturi (Hosted Buyer Programme).

Bu yil Germaniya, Italiya, Polsha, Chexiya, Buyuk Britaniya, Latviya, AQSh, BAA, Qatar, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Shri-Lanka kabi 15 dan ortiq mamlakatdagi 150 dan ziyod kompaniyani vakil qiluvchi 5 000 dan ortiq xalqaro xaridor ro‘yxatdan o‘tdi. Taklif etilgan xaridorlar uchun tashkilotchilar turar joy va transferni ta’minlaydi, shuningdek, ishlab chiqarish imkoniyatlari va xarid qiziqishlarini inobatga olgan holda ishtirokchilar bilan individual B2B uchrashuvlar jadvalini oldindan tuzadi.

O‘zbek korxonalari uchun bu — mahsulotini xorijiy buyurtmachilarga taqdim etish, eksport yetkazib berishlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish, kontrakt asosida ishlab chiqarishni muhokama qilish va vositachilarsiz uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish imkoniyati.

Bu format sotuv geografiyasini kengaytirish, Yevropa bozorlariga chiqish hamda xalqaro brendlar, distribyutorlar va savdo tarmoqlari bilan hamkorlik qilishni maqsad qilgan kompaniyalar uchun ayniqsa qimmatlidir.

Butun to‘qimachilik ishlab chiqarish zanjiri — bir maydonda

Ekspozitsiya to‘rtta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi:

  • Heimtextil Uzbekistan — uy va kontrakt to‘qimachiligi, jumladan mehmonxona biznesi, tijorat obyektlari va chakana savdo tarmoqlari uchun mahsulotlar.
  • Texworld Tashkent — gazlamalar, ip-kalava, trikotaj matolar, materiallar va tikuvchilik furniturasi.
  • Apparel Sourcing Tashkent — tayyor kiyim, xususiy savdo belgilari (Private Label) ostida va kontrakt asosida ishlab chiqarish.
  • Textile Machinery — to‘qimachilik va tikuvchilik ishlab chiqarishi uchun uskunalar va texnologik yechimlar.

Bu yil ilk bor ekspozitsiyaga Textile Machinery yo‘nalishi kiritildi.

Yangi yo‘nalish ishlab chiqaruvchilar va potensial investorlar uchun ko‘rgazma imkoniyatlarini kengaytiradi. Endi korxonalar bir maydonda nafaqat buyurtmachi va xomashyo yetkazib beruvchilarni topishi, balki ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish uchun uskunalar bilan ham tanishishi mumkin. Faoliyat yuritayotgan to‘qimachilik biznesi uchun bu rivojlanish vazifalarini kompleks hal qilish imkoniyati: texnologik bazani yangilash va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishdan tortib yangi sotuv kanallarini izlashgacha.

O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati: ishlab chiqarish o‘sishi va yangi eksport imkoniyatlari

Xalqaro sohaviy ko‘rgazmalarning rivojlanishi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining keng ko‘lamli o‘sishi fonida kechmoqda.

2024-yilda mamlakatning to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 2,8 mlrd dollarni tashkil etdi. 2026-yilning yanvar–may oylarida eksport 20,1 foizga o‘sib, 1,3 mlrd dollarga yetdi. 2026-yil uchun maqsadli ko‘rsatkich — 3,3 mlrd dollar, 2027-yilga borib esa eksportni 7 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. 2026-yilda sohaga 2,2 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, qo‘shimcha ravishda 397 mln kv. metr gazlama va 224 mln dona tayyor kiyim ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan.

Ishlab chiqarish quvvatlarining o‘sishi zamonaviy uskunalar, texnologiyalar, butlovchi qismlar va korxonalar samaradorligini oshiruvchi yangi yechimlarga talabni shakllantirmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar oldida sotuv bozorlarini kengaytirish va qo‘shilgan qiymati yuqoriroq mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish vazifasi turibdi.

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ham soha uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda, jumladan aralash tarkibli gazlamalarga import bojlarining 2028-yilgacha nolga tushirilishi, xalqaro sertifikatlashtirishning rivojlanishi va ishlab chiqarish standartlarining oshirilishi.

Xorijiy buyurtmachilarning mahsulot sifati, ishlab chiqarish jarayonlarining shaffofligi hamda OEKO-TEX, BCI va Better Work kabi xalqaro standartlarga muvofiqlikka oid talablari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bunday sharoitda xalqaro ko‘rgazmalar o‘zbek korxonalarini global ta’minot zanjirlariga integratsiya qilish vositalaridan biriga aylanmoqda. Ular ishlab chiqaruvchilarga o‘z imkoniyatlarini xalqaro xaridorlarga ko‘rsatish bilan birga, yangi bozorlar talablarini o‘rganish, raqobat muhitini baholash va potensial texnologik hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish imkonini beradi.

Made in Uzbekistan: kichik va o‘rta biznes uchun imkoniyatlar

Tashkilotchilar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro xaridorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ko‘rgazmalar doirasida mamlakat hududlaridagi kichik va o‘rta biznes korxonalarini birlashtirgan Made in Uzbekistan milliy pavilyoni taqdim etilgan. Ishtirokchilar uy to‘qimachiligi, trikotaj, tayyor kiyim va to‘qimachilik aksessuarlarini namoyish etmoqda. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning pavilyondagi ishtirokini 100 foiz subsidiyalab, ularga xalqaro bozorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochmoqda.

Kichik ishlab chiqarish kompaniyalari uchun bu format o‘z mahsulotini professional xalqaro auditoriyaga taqdim etish, ilk eksport aloqalarini o‘rnatish va potensial xorijiy buyurtmachilardan fikr-mulohaza olish imkoniyatini beradi. Jamoaviy ekspozitsiyada ishtirok etish korxonalarga o‘z mahsulotiga bo‘lgan talabni baholash va keyinchalik xalqaro ko‘rgazmalarda mustaqil ishtirok etishga tayyorlanish imkonini ham beradi.

Ikki soha — hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar

To‘qimachilik ko‘rgazmalari bilan bir vaqtda «O‘zekspomarkaz» hududida «O‘zcharmsanoat» uyushmasi ishtirokida Uzcharm Expo ko‘rgazmasi o‘tmoqda. Unda teri, mo‘yna, poyabzal, sumka va charm buyumlar ishlab chiqaruvchilari ishtirok etmoqda. Sohaviy tadbirlarning birgalikda o‘tkazilishi to‘qimachilik korxonalari, kiyim, poyabzal va aksessuarlar ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Professional tashrif buyuruvchilar bir tashrifda ikki o‘zaro bog‘liq sohaning takliflarini o‘rganishi, yangi yetkazib beruvchilarni topishi va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishi mumkin.

Ishbilarmonlik dasturi: eksport, texnologiyalar va raqobatbardoshlik

Uch kun davomida ko‘rgazmalar doirasida xalqaro tashkilotlar, sohaviy uyushmalar, ishlab chiqaruvchilar va ekspertlar ishtirokida ishbilarmonlik dasturi o‘tkazilmoqda.

Asosiy mavzular:

  • Barqaror ishlab chiqarish va OEKO-TEX xalqaro sertifikatlashtiruvi
  • To‘qimachilik korxonalarini raqamli transformatsiya qilish
  • O‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari uchun yangi eksport yo‘nalishlari
  • Markaziy Osiyoni xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqarish markazi sifatida rivojlantirish
  • To‘qimachilik brendlarini yaratish va targ‘ib qilish
  • To‘qimachilik sohasidagi tadbirkor ayollar uchun imkoniyatlar va qiyinchiliklar

Dastur zamonaviy ishlab chiqaruvchilar duch keladigan amaliy masalalarga qaratilgan: raqobatbardoshlikni oshirish, xalqaro bozorlarga chiqish, yangi texnologiyalarni joriy etish va o‘z savdo belgilarini rivojlantirish.

Alohida tadbir sifatida yosh dizaynerlar tanlovi o‘tkaziladi. U boshlovchi mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy moda industriyasining ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.

Xalqaro hamkorlik va sohani qo‘llab-quvvatlash

Rasmiy ochilish marosimida davlat organlari, sohaviy uyushmalar va xalqaro hamkorlar vakillari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va Messe Frankfurt Exhibition GmbH vakillari ishtirok etdi.

BMCA Uzbekistan bosh direktori Dilfuza Samandarova xalqaro sohaviy ko‘rgazmalarning mamlakat to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishdagi ahamiyatini ta’kidladi:

«O‘zbekistonning jahon to‘qimachilik bozoriga taklif qiladigan narsasi bor. Ammo yaxshi mahsulotga ham xaridor kerak, kompaniyalarga esa o‘zini ko‘rsatish imkoniyati. Heimtextil Uzbekistan’ni aynan shuning uchun o‘tkazamiz: xalqaro xaridorlarni olib kelamiz, ularni ishlab chiqaruvchilar bilan tanishtiramiz va hamkorlikni boshlashga yordam beramiz. Ko‘rgazmaning xalqaro brendi ortida biznes uchun aniq imkoniyatlar turibdi — yangi tanishuvlar, buyurtmalar va ilgari uzoq tuyulgan bozorlarga chiqish».

Messe Frankfurt brendlari ostida xalqaro ko‘rgazmalarning o‘tkazilishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi to‘qimachilik sanoatining istiqbolli ishlab chiqarish va eksport markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

Messe Frankfurt va Texpertise Network: xalqaro to‘qimachilik industriyasiga yo‘l

Heimtextil Uzbekistan, Texworld Tashkent va Apparel Sourcing Tashkent ko‘rgazmalar, kongresslar va ishbilarmonlik tadbirlarining yetakchi xalqaro tashkilotchilaridan biri — Messe Frankfurt brendlari ostida o‘tkaziladi. Texpertise Network global tarmog‘i 13 mamlakatdagi 50 dan ortiq xalqaro to‘qimachilik ko‘rgazmasini birlashtiradi va butun ishlab chiqarish zanjirini qamrab oladi — xomashyo, ip-kalava va gazlamalardan tortib tayyor kiyim, uy va texnik to‘qimachilik, ishlab chiqarish uskunalari va innovatsion texnologiyalargacha.

Tarmoq dunyo bo‘ylab to‘qimachilik industriyasining 500 000 dan ortiq mutaxassisini bog‘lab, xalqaro tajriba almashish, biznesni rivojlantirish va barqaror ishlab chiqarish yechimlarini targ‘ib qilish uchun maydon yaratadi.

O‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun Toshkentda Messe Frankfurt ko‘rgazmalarining rivojlanishi xorijdagi sohaviy tadbirlarga borish zaruratisiz, bevosita O‘zbekistonning o‘zida xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatini anglatadi.

Ko‘rgazmaga tashrifdan — xalqaro savdoda ishtirok etishgacha

Heimtextil Uzbekistan, Texworld Tashkent va Apparel Sourcing Tashkent Toshkentda ishlab chiqaruvchilar nafaqat o‘z mahsulotini namoyish eta oladigan, balki xalqaro tijorat aloqalarini ham qura oladigan maydonni shakllantirmoqda.

Faoliyat yuritayotgan to‘qimachilik korxonalari uchun ko‘rgazmaga tashrif xorijiy talab tuzilmasini baholash, xalqaro xaridorlar bilan tanishish, yangi texnologiyalarni o‘rganish va biznesni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash imkonini beradi.

Keyingi ko‘rgazmalarda ishtirok etishni rejalashtirayotgan kompaniyalar ekspozitsiya formati, Xalqaro xaridorlar dasturi imkoniyatlari va mahsulotni xorijiy bozorlarda ilgari surish vositalari bilan bevosita tanishishlari mumkin.

Ko‘rgazmalar 13 va 14-oktabr kunlari ham o‘z ishini davom ettiradi.

Tashrif buyuruvchilar uchun ma’lumot

Tadbirlar: Heimtextil Uzbekistan, Texworld Tashkent, Apparel Sourcing Tashkent

Sanalar: 2026-yil 12–14-oktabr

Manzil: «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasi, Toshkent sh., Amir Temur shoh ko‘chasi, 107; 1- va 2-pavilyonlar hamda Atrium

Ishtirokchilar: olti mamlakatdan 200 ta kompaniya

Xalqaro xaridorlar: 15 dan ortiq mamlakatdagi 150 dan ziyod kompaniyadan 5 000 dan ortiq ro‘yxatdan o‘tgan vakil

Kutilayotgan tashrif buyuruvchilar: 8 000 dan ortiq mutaxassis

Tashkilotchi: Messe Frankfurt’ning Markaziy Osiyodagi rasmiy vakili Business Media Central Asia (BMCA)

Ko‘magida: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi

Kirish: professional tashrif buyuruvchilar uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish orqali bepul

Rasmiy saytlar: heimtextil.uz | texworld-apparel.uz

OAV va ishbilarmonlik hamkorligi uchun aloqa:

Tel.: +998 55 515 05 22

E-mail: heimtextil@bmca.uz | texworld@bmca.uz | apparel-sourcing@bmca.uz
2026-10-13 01:13